JK 273-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish deganda, ularni turlicha usulda haq evaziga yoki tekinga (sotish, hadya etish, almashtirish, qarzi evaziga yoki qarz sifatida va h.k.) boshqa shaxsga berish tushunilishi lozim. Bunda vositalar, moddalar, oʻsimliklar shaxs tomonidan bevosita yoki boshqa (masalan, ular saqlanadigan joy haqida xabar berish, shartlashilgan joyga qoʻyib ketish) usulda amalga oshirilishi mumkin. Bir shaxs tomonidan boshqasiga giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni inyeksiya (ukol) qilish, agar mazkur vosita yoki modda isteʼmolchining oʻziga tegishli boʻlsa va inyeksiya uning iltimosiga koʻra qilingan boʻlsa, qonunga xilof ravishda oʻtkazish deb baholanishi mumkin emas. Shaxsning giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish uchun JK 273-moddasining tegishli qismi bilan javobgarlik ularning miqdori bilan bogʻliq holda kelib chiqadi. Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni sotish usulida koʻp miqdorda oʻtkazish ularni oʻtkazishning eng ijtimoiy xavfli koʻrinishi hisoblanishi tufayli, mazkur qilmish JK 273-moddasining beshinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Mazkur vosita yoki moddalarni koʻp miqdorda boshqa barcha usullarda oʻtkazish JK 273-moddasining boshqa tegishli qismi bilan javobgarlik kelib chiqishiga sabab boʻladi. Aybdor tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarning faqat bir qismi oʻtkazilib, qolgan qismi keyinchalik surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida aniqlansa, javobgarlik qonunga xilof ravishda oʻtkazish va qonunga xilof ravishda saqlash uchun alohida-alohida (agar mazkur vosita va moddalarni oʻtkazishga nisbatan qasd aniqlanmagan boʻlsa), ularning miqdoriga bogʻliq ravishda kelib chiqadi.