Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 31-band. Tushuntirilsinki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan…

Tushuntirilsinki, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bogʻliq jinoyatlarga oid ishlar boʻyicha sud-kimyoviy ekspertiza oʻtkazish aybdorlikni isbotlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Bunday turdagi ekspertiza oldiga hal etish uchun quyidagi savollarni qoʻyish maqsadga muvofiq: olingan vosita yoki modda giyohvandlik, uning analogi, psixotrop hisoblanadimi, agar hisoblansa, uning turi, aktiv moddasining miqdori va sof ogʻirligi qancha; olingan obyektda giyohvandlik vositasi, uning analogi, psixotrop moddasi qoldiqlari (mikrozarralari) yoki izlari bormi; muayyan yer maydonidan olingan oʻsimlik qaysi turga mansub va u tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimlik hisoblanadimi; olingan vositalar yoki moddalar bir xil hisoblanadimi, ular tayyorlash usuli (texnologiyasi), saqlash sharoiti, foydalanilgan boshlangʻich xom ashyosi, koʻkarib turgan joyi boʻyicha kelib chiqishi jihatidan umumiy manbaga egami.