Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid qonunlarni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 20-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, isbotlash jarayonida tergov harakatlarini…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, isbotlash jarayonida tergov harakatlarini oʻtkazish, shu jumladan, soʻroq qilish tartibi va shartlari qonun bilan qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ushlanganidan, qamoqqa olinganidan, chaqiruv qogʻozi boʻyicha soʻroqqa kelganidan yoki majburan olib kelinganidan soʻng darhol yoki yigirma toʻrt soat ichida birinchi marta soʻroq qilishning (JPK 111-moddasi )da belgilangan qoidalariga rioya etilgan holda soʻroq qilinishi kerak. Umuman tergov harakatlari, faqat, soat 6 dan 22 ga qadar oʻtkazilishi kerak, JPK 88-moddasi ikkinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Tergov harakatlarini yuritish tartibi va shartlarining buzilishi prokuror va sud tomonidan gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ruhiy taʼsir oʻtkazish deb baholanishi mumkin. Bunday taʼsir ostida toʻplangan maʼlumotlar dalil kuchiga ega boʻlmaydi va ular ayblov hukmi uchun asos qilib olinishi mumkin emas.