Qonunga muvofiq (JPK 20 , 51 , 488-moddalari ) quyidagi hollar gumon qilinuvchini, ayblanuvchini himoya huquqi bilan taʼminlashga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarining jiddiy buzilishi deb baholanadi, agar: uning oʻz ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish huquqi buzilgan boʻlsa; qonunga koʻra himoyachi, qonuniy vakil ishtirok etishi shart boʻlsa-yu, ish ularning ishtirokisiz tergov qilingan yoki koʻrib chiqilgan boʻlsa; manfaatlari oʻzaro qarama-qarshi boʻlgan bir necha shaxsning huquqlari bitta himoyachi tomonidan himoya qilingan boʻlsa; dastlabki tergov tamomlangandan soʻng ayblanuvchi ishdagi barcha materiallar bilan tanishtirilmagan boʻlsa va qoidabuzarlik sud tomonidan bartaraf etilmagan boʻlsa; ayblanuvchiga ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi topshirilmagan boʻlsa; himoyachisi boʻlmagan sudlanuvchiga himoya nutqi soʻzlash uchun imkoniyat, shuningdek, oxirgi soʻz berilmagan boʻlsa; ish sudlanuvchining ishtirokisiz koʻrilgan boʻlsa (JPK 410-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno); ishni yuritishni istisno etadigan holatlar mavjud boʻla turib, surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi oʻtkazilgan boʻlsa. Ish boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan holatlarning aniqlanishi sud qarorining bekor qilinishiga asos boʻladi.