Jinoyat-protsessual kodeksi 473-moddasi talabiga koʻra, hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan tilda bayon qilingan boʻlsa, hukmning qaror qismi eʼlon qilinganidan keyin, mazkur qism tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki sudlanuvchi uchun tushunarli boʻlgan boshqa tilda oʻqib eshittiriladi. Mahkumga, oqlangan shaxsga taqdim etilishi shart boʻlgan hukm va boshqa sud (tergov) hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilingan holda topshirilishi kerak (JPK 20-moddasi ). Agar ushbu talablarga rioya etilmaganligi natijasida mahkum, oqlangan shaxs sud hukmi ustidan shikoyat berish imkoniyatidan mahrum etilgan boʻlsa, bu holat apellyatsiya shikoyati berish uchun belgilangan muddatni tiklash yoki apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimini bekor qilish uchun asos boʻladi.