Sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 25-moddasi talablariga, yaʼni ishlar sud majlisida taraflarning oʻzaro tortishuvi prinsipi asosida koʻrilishi shartligi haqidagi qoidaga soʻzsiz amal qilinishini taʼminlashlari kerak. Tortishuv prinsipi ayblov va himoya funksiyalari bir-biridan ajratilgan holda amalga oshirilishini taqozo etadi. Bunda sud ayblov yoki himoya tarafida turmasligi hamda ularning biron bir manfaatlarini ifoda etmasligi lozim. Sud xolislik va begʻarazlikni saqlagan holda faqat ishni hal etish funksiyasini amalga oshirishi, yaʼni taraflarga protsessual huquqlarini amalga oshirish yoʻli bilan oʻz nuqtai-nazarlarini himoya qilishlari uchun teng imkoniyat yaratib berishi kerak. Qonunga binoan, sud protsessida taraflar dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning toʻgʻri hal etilishi, qonuniy va asoslantirilgan qaror chiqarilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar. Sudlar shuni eʼtiborga olishlari kerakki, sudda ishlarni yuritishda tortishuv sud majlisida prokuror va himoyachining uzluksiz ishtiroki taʼminlangan holdagina roʻyobga chiqadi (sudlanuvchi qonunda belgilangan tartibda himoyachidan voz kechgan hollar bundan mustasno).