Qoʻmondonlarga va oʻzga boshliqlarga zarur xizmat vakolatlarini, jumladan, tobe shaxslarga nisbatan buyruq, farmoyish berish va uning soʻzsiz bajarilishini — intizomni buzganlarga nisbatan majburlash choralarini qoʻllash orqali talab qilish huquqini bera turib, davlat ularning shaxsini va xizmat shaʼnini har qanday tajovuzdan himoya qiladi. Shu maqsadda, jinoyat qonunchiligida boshliqqa tan jarohatlari yetkazish, haqorat qilish, tahdid solish, shuningdek, unga qarshilik koʻrsatish yoki xizmat burchini buzishga majburlash uchun javobgarlik belgilangan. Ushbu jinoyatlarning oʻziga xosligi shundan iboratki, ular harbiy xizmat munosabatlari doirasida sodir etiladi. Agarda koʻrsatilgan jinoyatlar shaxsiy munosabatlar doirasida sodir etilsa, bunday harakatlar harbiy jinoyat deb tan olinmaydi va shaxsga qarshi jinoyat sifatida tavsiflanishi kerak.