Baʼzi hollarda qonunga va Qurolli Kuchlar umumharbiy nizomlariga muvofiq harbiy xizmatchilar maxsus huquq va majburiyatlarga ega boʻladilar (jangovar navbatchilik, sutkalik yoki garnizon naryadlarida boʻlish va hokazo). Sudlar shu narsani nazarda tutishlari lozimki, harbiy xizmatchilar tomonidan maxsus xizmatni oʻtash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik (maxsus subyekt) JKning 291 — 294-moddalarida belgilangan. Ushbu moddalar dispozitsiyasi blanket xususiyatga ega boʻlganligi sababli, sudlarning eʼtibori jinoyat sodir etgan shaxs oʻzining harakatlari bilan havola etilayotgan normativ hujjat yoki Nizomning aynan qaysi modda yoki bandlari talablarini buzganligini aniq koʻrsatishlari lozimligiga qaratilsin.