Atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, portlovchi, radioaktiv va boshqa moddalar va buyumlar bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzish — harbiy xizmatchi tomonidan maxsus ehtiyot qoidalariga rioya etmaslikdan iborat. Bu esa, odamlarning oʻlimi va ularga shikast yetkazilishiga, harbiy mulkning yoʻq boʻlishiga, harbiy tadbirlarning barbod boʻlishi va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, moddalar va buyumlar bilan muomalada boʻlish tartibi harbiy nizomlarda va boshqa normativ aktlar (turli xil qurollardan otish kurslari, qoʻllanmalar va boshqalar)da belgilangan boʻlib, ularda qurol-yarogʻ, tegishli modda va buyumlar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlik shartlarini taʼminlovchi qoidalar majmui keltirilgan. Qoida buzilishi deganda, qurol-yarogʻ, shuningdek, moddalar va buyumlar bilan ishlash chogʻida belgilangan usullarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik, yoxud ular bilan muomalada boʻlishda harakat ketma-ketligiga rioya qilmaslik, shuningdek, ushbu modda va buyumlarni saqlash xavfsizligini taʼminlovchi qoidalarni buzish tushuniladi. JKning 297-moddasida nazarda tutilgan jinoyat subyekti — oʻz xizmat mohiyatiga koʻra, atrofdagilar uchun katta xavf manbai boʻlgan qurol-yarogʻ, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni taʼminlab beruvchi yoxud ularga daxldor boʻlgan va ular bilan muomalada boʻlish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar boʻlishi mumkin. JKning 297-moddasi dispozitsiyasi faqat oʻqotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarogʻlari) oʻz ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarogʻ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan boʻlishi kerak. Qoʻlda yasalgan oʻqotar qurollar JKning 297-moddasida nazarda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yoʻq qilishga moʻljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu g