Iqtisodiy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Sudga davlat boji toʻlanmagan daʼvo arizasi (ariza) kelib tushganda, sudya qonun boʻyicha…

Sudga davlat boji toʻlanmagan daʼvo arizasi (ariza) kelib tushganda, sudya qonun boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslar roʻyxatiga daʼvogar (arizachi) kirishi yoki kirmasligini tekshirishi shart (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasi ). Agar daʼvogar (arizachi) qonunga koʻra, davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa va arizada uni toʻlashni kechiktirish haqida iltimosnoma mavjud boʻlmasa, shuningdek pochta xarajatlari toʻlanmaganda, sudya toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji, pochta xarajatlari summasini hamda ushbu kamchilik bartaraf qilingandan soʻng daʼvogar (arizachi)ning umumiy tartibda takroran murojaat qilish huquqini koʻrsatgan holda daʼvo arizasini (arizani) qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi (IPK 155-moddasi ). Qonun boʻyicha sudya davlat bojini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etish huquqiga ega emasligini nazarda tutish lozim. Biroq, daʼvogar (arizachi)ning, xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yuridik va jismoniy shaxsning mulkiy ahvolidan kelib chiqib, sudya davlat bojini toʻlashni kechiktirish masalasini hal qilishga haqli (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 19-moddasining yigirma yettinchi qismi ).