Yuqori instansiya sudlari iqtisodiy ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrish vaqtida quyi instansiya sudlari tomonidan sud xarajatlarini undirishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tuzatish choralarini koʻrishi lozim. 22.1. IPK 265-moddasining ikkinchi qismi, 288-moddasining ikkinchi qismi hamda 313-moddasining ikkinchi qismida apellyatsiya, kassatsiya va taftish protestiga pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi nazarda tutilmagan. Sudlarning eʼtibori protest asosida koʻrilgan ish boʻyicha sud xarajati ishni koʻrish natijasiga koʻra, tegishli tarafdan undirilishiga qaratilsin. 22.2. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyatidan voz kechilgan va shikoyatdan voz kechish sud tomonidan qabul qilingan holda, tegishli sud instansiyasi shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatadi va toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa, shikoyat bergan shaxsdan undiriladi. Sudlarning eʼtibori apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyati koʻrmasdan qoldirilganida toʻlangan davlat boji qaytarilmasligiga, toʻlanmagan davlat boji esa, shikoyat bergan shaxsdan undirilishiga qaratilsin. 22.3. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjati yangi ochilgan holatlar boʻyicha bekor qilingan va ish yangidan koʻrilganda, sud instansiyalari uchun davlat bojini taqsimlash masalasi ishni yangidan koʻrayotgan iqtisodiy sud tomonidan toʻlangan davlat boji va daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.