Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida 4-band. Mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini talon-toroj qilish…

Mansab mavqeyini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini talon-toroj qilish, agar bu oʻzganing mulkini qonunga xilof ravishda tekinga oʻzining yoki boshqa shaxslarning mulkdorligiga aylantirishida ifodalangan boʻlsa, JK 167-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim va JK 192¹¹ , 205-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi. Bu oʻrinda shuni nazarda tutish lozimki, agar oʻzganing mulkini gʻayriqonuniy ravishda tekinga aybdorning mulkiga aylantirish maqsadi bilan olib qoʻyilganligi aniqlanmagan boʻlib, lekin boshqa gʻayriqonuniy harakatlar mavjud boʻlgan taqdirda bunday harakatlar (masalan, tovar-moddiy boyliklarining kamomadi yoki uni yashirish holatining oʻzigina; oʻzganing mulkidan oʻzinikiga aylantirib olish maqsadisiz vaqtincha foydalanish; oʻzganing mulkini qarzga berib yuborish va h.k.) talon-toroj qilish deb tavsiflanishi mumkin emas. Yetarli asoslar mavjud boʻlganda, koʻrsatilgan harakatlar mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish deb tavsiflanishi kerak.