Iqtisodiyot sohasidagi jinoyat ishlarini koʻrayotganda sudlar har bir fuqaroning tadbirkorlik bilan shugʻullanish huquqini qatʼiy belgilab beruvchi qonunlarning bajarilishiga alohida eʼtibor qaratishlari kerak. Qonuniy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan mansabdor shaxsning harakatlari tegishlicha huquqiy baholanishi zarur. Bunday gʻayriqonuniy harakatlarga, jumladan, xususiy mulk huquqini buzish, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilish tartibini buzish, faoliyatini yoki ularning banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qonunga xilof ravishda toʻxtatib turish, homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish, muayyan faoliyat bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berishni rad qilish yoki uni berishdan bosh tortish, imtiyozlar va preferensiyalarni qoʻllashni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, qoʻllamaslik yoki qoʻllashga toʻsqinlik qilish va h. k. kiritilishi mumkin. Bu kabi gʻayriqonuniy harakatlarning yuqori xavfliligi iqtisodiyot sohasidagi huquqiy tartibotning buzilishidan, mansabdor shaxslarning oʻrnatilgan davlat intizomini susaytirib yuborishidan iborat boʻladi va bular davlat hokimiyatidan shaxsiy manfaatlarda foydalanish va hokazolarga olib keladi. Aybdorlarning qayd etilgan harakatlari ish holatlariga va kelib chiqqan oqibatlarga qarab, Jinoyat kodeksi XIII-1-bobidagi tegishli moddalar bilan (Jinoyat kodeksi 205 yoki 207-moddasi bilan emas), gʻarazli maqsadlar aniqlanganda esa, bu harakatlar tovlamachilik yoʻli bilan pora berilishini talab qilishning niqoblangan shakli deb tavsiflanishi lozim.