Jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 11-band. Jazoni ijro etuvchi organning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki…

Jazoni ijro etuvchi organning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid taqdimnomasini oʻz ish yurituviga qabul qilish masalasini hal etishda, sudya u JIK 164-moddasi ikkinchi qismi talablariga javob berish-bermasligini va taqdim etilgan materiallarda mahkumning xulq-atvorini, uning butun jazoni oʻtash davrida mehnatga va oʻqishga nisbatan boʻlgan munosabatini tavsiflovchi maʼlumotlar, mahkumning jazo oʻtashi uchun asos boʻlgan hujjatlar nusxalari, jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar toʻliq yoki qisman qoplanganligi, mahkum muqaddam JK 73 va 74-moddalariga asosan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganligi yoki jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilganligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar mavjud-mavjud emasligini tekshirishi lozim. Agar taqdim etilgan materiallarda taqdimnomani koʻrib chiqish uchun yetarli maʼlumotlar mavjud boʻlmay, ularni sud majlisida toʻldirishning iloji boʻlmasa, sudya taqdimnomani koʻrishga tayyorlash davomida oʻzining ajrimi bilan mazkur materiallarni tegishli tarzda rasmiylashtirish uchun qaytaradi. Sudya mahkumning, uning qonuniy vakili, shuningdek, advokatning jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirishga oid iltimosnomasini qabul qilishni jazoni ijro etuvchi organ taqdim etishi shart boʻlgan hujjatlar yoʻqligi sababli rad etishga haqli emas. JIK 164-moddasi birinchi va uchinchi qismlari mazmuniga koʻra, bunday hollarda iltimosnoma nusxasi lozim darajada rasmiylashtirilgan materiallar keyinchalik sudga taqdim etilishi uchun jazoni ijro etuvchi organga yuboriladi. Mahkumning yoki jazoni ijro etuvchi organ vakilining iltimosiga koʻra, sudya ularga mahkum yoki jazoni ijro etuvchi organ tomonidan olinishi yoki talab qilinishi mumkin boʻlmagan maʼlumotlarni toʻplashda koʻmaklashishi mumkin.