JK 74-moddasiga muvofiq ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan shaxsga nisbatan sud jazoning oʻtalmagan qismini yengilroq jazo turi bilan almashtirishi mumkin. Buning uchun mahkum tomonidan jazoning qonunda belgilangan qismi haqiqatda oʻtalganligi, mazkur jazo turi uchun oʻrnatilgan tartib-qoida talablarining bajarilganligi va mehnatga halol munosabatda boʻlganligi asos boʻladi. Shuni nazarda tutish lozimki, JK 74-moddasi toʻrtinchi qismiga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilganda, u ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmagan qismi muddatiga tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash, axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan qismi jarima jazosi bilan almashtirilganda esa, sudlar JK 44-moddasining uchinchi qismi yoki 82-moddasi ikkinchi qismi qoidalariga rioya etishlari va bunda jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqishlari lozim.