Agar mahkum sinov muddati davomida sud tomonidan unga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasa yoki jamoat tartibini yoxud mehnat intizomini buzsa, sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasi boʻyicha jazoning shartliligini bekor qilish va hukmda belgilangan jazoni ijro etish toʻgʻrisida (JK 72 , JPK 535-moddalari ) ajrim chiqarishi mumkin. Bunda sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarning mahkum tomonidan bajarilmasligi deganda, shartli hukm qilingan shaxsning belgilangan muddatda yetkazilgan ziyonni qoplashdan, ishga yoki oʻqishga joylashishdan bosh tortishi, uning xulqi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga yashash, ishlash yoki oʻqish joyi oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabar bermasligi, mazkur organga vaqti-vaqti bilan roʻyxatdan oʻtish uchun kelmasligi, sud tomonidan taqiqlangan joylarga borishi, belgilangan vaqtda yashash joyida boʻlmasligi, alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalliklariga qarshi davolanish kursini oʻtashdan bosh tortishi tushunilishi lozim. Mahkum tomonidan jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzish u tomonidan sinov muddati davomida, tegishlicha, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi yoki mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda ifodalanib, ular faqat shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgandagina, jazoning shartliligi bekor qilinishiga olib keladi. JK 72-moddasi oltinchi qismi mazmuniga koʻra, sud sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyatini, mahkumning shaxsiga oid maʼlumotlarni va uning sinov muddati davridagi xulq-atvorini inobatga olib, jazoning shartliligini bekor qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomani rad etishi mumkin.