Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi) 497² , 499-moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, tegishli prokuror yoki uning oʻrinbosari protesti boʻyicha qoʻzgʻatiladi. Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish JPK 497²-moddasining toʻrtinchi qismi va 499-moddasining beshinchi qismiga muvofiq hukmning oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qoʻzgʻatilishi mumkin. Bunday shaxslar jumlasiga ishda taraf boʻlmagan, biroq oʻzining haqiqiy holatiga koʻra ish boʻyicha hukmining oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan qismida sud himoyasiga muhtoj boʻlgan (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar) shaxslar kiradi. Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.