Muayyan sababga koʻra, ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish koʻrilgandan soʻng kelib tushsa yoki oʻtkazib yuborilgan muddat JPK 497⁵-moddasi tartibida tiklansa yoxud mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellyatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgandan soʻng kelib tushsa, apellyatsiya instansiyasi sudi JPK 497³⁵-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak. Agar muayyan sababga koʻra ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish koʻrilgandan soʻng kelib tushsa yoki mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining kassatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgandan soʻng kelib tushsa, kassatsiya instansiyasi sudi JPK 509¹³-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.