Qonunda kassatsiya shikoyati (protesti) berish uchun biron-bir muddat belgilanmagan. Shu bilan birga, JPK 501-moddasining mazmuniga koʻra, hukm (ajrim) qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil oʻtgandan soʻng berilgan shikoyat (protest), basharti unda ogʻirroq jinoyatga doir qonun moddalarini qoʻllash zarurligi, jazoni kuchaytirish yoki mahkumning ahvolini ogʻirlashtiradigan boshqa oʻzgarishlar (mahkumni oʻta xavfli retsidivist deb topish, jazoni ijro etish koloniyasining qattiqroq turini belgilash, shartli hukmni bekor qilish, undiruv miqdorini koʻpaytirish, basharti bu jinoyat kvalifikatsiyasi mahkumning ahvolini ogʻirlashtiruvchi tomonga oʻzgartirilishiga olib kelsa va h.k.), shuningdek, oqlov hukmini yoxud ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilish nazarda tutilgan boʻlsa, sud tomonidan qanoatlantirilishi mumkin emas. Bunda bir yillik muddat tegishli hukm, ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilingan kun qoʻshilgan holda hisoblanishi kerak. Bir yillik muddat oʻtgandan soʻng berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) koʻrib chiqilmaydi va uni bergan shaxsga qaytariladi. Agar kassatsiya shikoyati (protesti) JPK 501-moddasida koʻrsatilgan bir yillik muddat oʻtgunga qadar berilgan boʻlib, mazkur muddat ish boʻyicha qaror qabul qilingunga qadar oʻtib ketsa, u qanoatlantirilmasdan qoldiriladi va bu haqda shikoyat (protest) bergan shaxsga maʼlum qilinadi.