Ishning muayyan holatlarini aniqlash uchun fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlar zarur boʻlgan barcha hollarda, ekspertiza oʻtkazish zarurligi yoki bu holatlar sud muhokamasiga mutaxassisni jalb etish orqali aniqlanishi mumkinligi masalasi hal qilinishi lozim. Mutaxassis dalillarni tekshirish chogʻida sudga yoki sud protsessi ishtirokchilariga maxsus bilim va koʻnikmalar zarur boʻlib qolganda (masalan, texnologik yoki ishlab chiqarish jarayonini, u yoki bu kasbning oʻziga xos xususiyatlarini tushunishda va hokazo) sud muhokamasiga taklif etiladi. Mutaxassis fikri sud majlisi bayonnomasida aks ettirilishi shart. Mutaxassis oldiga ekspert vakolatiga kiradigan savollarni qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi. Uning fikrini ekspert xulosasiga tenglashtirib boʻlmaydi. Ekspert xulosasi qonunga muvofiq dalil turlaridan biri hisoblanadi va tadqiqotlarni amalga oshirish asosida beriladi. Ekspert oldiga mutaxassis vakolatiga kiruvchi savollar qoʻyilishi mumkin. Sudlar ekspertiza oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlganda, ekspertiza oʻtkazishni ekspertni soʻroq qilish bilan almashtirishga yoʻl qoʻymasliklari kerak.