Sudlarga tushuntirilsinki, JPK 25-moddasining oltinchi qismi , 26-moddasining birinchi qismi , 409 va 439-moddalariga koʻra, prokuror sud protsessining ishtirokchisi sifatida odil sudlovni amalga oshirish uchun muhim boʻlgan huquq va majburiyatlarga ega boʻlib, bular davlat ayblovchisi tomonidan ayblov xulosasining (ayblov dalolatnomasining) xulosa qismida bayon etilgan ayblovni oʻqib eshittirish, dalillarni tekshirishda bevosita ishtirok etish: sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar va guvohlarni soʻroq qilish, ekspertlarning xulosasini tinglash, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish, sudda bayonnomalar va ishning boshqa hujjatlarini oʻqib eshittirishdan iborat. Qonunda bayon etilgan vazifalarni bajarish suddan jinoyat qonuni normalarini qoʻllash, sudlanuvchining harakatlarini kvalifikatsiya qilish, unga jazo turi va miqdorini belgilash, jinoyat sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlar toʻgʻrisida xolisona fikr bayon qilish uchun prokurorga imkoniyat yaratish maqsadida jinoyat ishi muhokamasi chogʻida uning uzluksiz ishtirok etishini taʼminlashni talab etadi. JPK 412-moddasining birinchi qismi talabiga muvofiq, prokuror sud majlisiga kelmay qolgan taqdirda, sud jinoyat ishi muhokamasini keyinga qoldiradi. Prokuror uzrli sababsiz kelmay qolgan taqdirda, sud bu haqda yuqori turuvchi prokurorga xabar berishi shart.