Jinoyat ishlarini birinchi instansiyada koʻrib chiqishga tayyorlash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 19-band. Shuni nazarda tutish lozimki, dastlabki eshituv chogʻida jinoyat ishini sud tomonidan…

Shuni nazarda tutish lozimki, dastlabki eshituv chogʻida jinoyat ishini sud tomonidan mazmunan koʻrib chiqish va qonuniy, asoslangan, adolatli qaror qabul qilish uchun toʻsqinlik qiladigan protsessual qonunning jiddiy buzilishi aniqlanganda, ish JPK 405¹²-moddasiga muvofiq, prokurorga yuboriladi. Bunday kamchiliklarga, xususan, quyidagi hollar kiradi, agar: ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasi JPK talablari buzilgan holda tuzilgan boʻlsa; tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror bilan birga sudga yuborilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tuzish zarurati boʻlsa; jinoyat ishlarini birlashtirish uchun JPK 332-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlsa; ayblanuvchi jinoyat ishi materiallari bilan tanishayotganda unga JPK 375 va 381¹³-moddalarida nazarda tutilgan huquqlar tushuntirilmagan boʻlsa; ayblov dalolatnomasida yoki ayblov xulosasida, jinoyat ishini tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash uchun sudga yuborish toʻgʻrisidagi qarorda bayon etilgan haqiqiy holatlar ayblanuvchining, oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisida ish yuritilayotgan shaxsning xatti-harakatlarini ogʻirroq jinoyat, ijtimoiy xavfli qilmish sifatida kvalifikatsiya qilish uchun asoslar mavjudligidan dalolat bersa yoki bunday holatlar mavjudligi dastlabki eshituv jarayonida aniqlangan boʻlsa.