Jinoyat ishlarini kassatsiya va nazorat tartibida koʻrish amaliyoti haqida 22-band. Jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan qoʻshimcha dalil va hujjatlar, sudda tekshirilgan…

Jinoyat ishi boʻyicha toʻplangan qoʻshimcha dalil va hujjatlar, sudda tekshirilgan holatlarga taalluqli boʻlsa va yangi ochilgan holatlar mavjudligidan dalolat bermasa, ulardan foydalanish mumkin. Qoʻshimcha hujjatlar Jinoyat-protsessual kodeksining 149 , 170 , 290 va 398-moddalarida nazarda tutilgan (murdani eksgumatsiya qilish, telefon va boshqa soʻzlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, mol-mulkni xatlash, mulkiy zararni qoplashni va mol-mulkni musodara etishni taʼminlash) protsessual harakatlarni oʻtkazishni tergov organining zimmasiga yuklash yoʻli bilan ham toʻplanishi mumkin. Qoʻshimcha hujjatlarga ishdagi mavjud dalillar bilan birga baho berilishi lozim. Ular hukm, ajrim va qarorni oʻzgartirish yoki bekor qilishga asos qilib olinishi mumkin. Qoʻshimcha taqdim etilgan hujjatlar protsessual qonun talablariga rioya etilgan holda olingan yoki toʻplangan boʻlsagina, ular sud tomonidan huquqiy ahamiyatga molik hujjat, shu jumladan, dalil sifatida baholanishi mumkin.