Nazorat tartibida ish yuritishning apellatsiya, kassatsiya tartibidan farqli xususiyati shundan iboratki, nazorat instansiyasi sudi faqat qisman sud tergovi oʻtkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlar natijasiga koʻra huquqiy baho berishi mumkin (JPK 490-moddasi toʻrtinchi qismi ). Nazorat instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni soʻroq qilish, ekspertizalar oʻtkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida) ular birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qoʻshimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus koʻrsatishi lozim. JPK 481-moddasiga koʻra, qoʻshimcha materiallar sud tomonidan tergov organlariga muayyan tergov harakatlarini oʻtkazish toʻgʻrisida topshiriq berish yoʻli bilan ham olinishi mumkin. Bu haqda nazorat instansiyasi sudi ajrim chiqaradi, ishning muhokamasi esa keyinga qoldiriladi.