Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Jinoyat obyekti boʻlgan mol-mulk qiymatini aniqlashda uning mulkdor tomonidan…

Jinoyat obyekti boʻlgan mol-mulk qiymatini aniqlashda uning mulkdor tomonidan orttirilishi (sotib olinishi) holatlariga qarab, jinoyat sodir etilgan paytdagi shartnomaviy, ulgurji, chakana, birja yoki bozor narxidan kelib chiqish lozim. Mol-mulkning narxi mavjud boʻlmaganda uning qiymati ekspert xulosasiga koʻra belgilanadi. Jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish masalasini hal etishda mol-mulkning hukm chiqarilgan kundagi qiymatidan kelib chiqish lozim. Bunda valyuta qimmatliklari qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan hukm chiqarilgan kunda belgilangan kurs boʻyicha aniqlanadi. Mulkiy ziyon yuridik shaxsga uning xodimi tomonidan yetkazilgan hollarda, ziyon miqdori buxgalteriya hisoboti maʼlumotlariga asosan haqiqiy yoʻqotilish boʻyicha, ziyon asosiy fondlarga (vositalarga) yetkazilganda esa, moddiy qiymatliklarning eskirganligi belgilangan norma boʻyicha chegirib tashlangan holda, balans qiymatidan (tannarxidan) kelib chiqib aniqlanadi (Mehnat kodeksining 205-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari ). Ish beruvchining asosiy vositalarga taalluqli mol-mulki talon-toroj qilingan, kamomadi aniqlangan, qasddan yoʻq qilingan yoki qasddan buzilgan taqdirda, shuningdek, asosiy vositalarga mulkiy ziyon yetkazilgan boshqa hollarda, ziyon miqdori bozor narxlari boʻyicha hisoblanadi. Qonun hujjatlarida mulkiy ziyonning haqiqiy miqdori uning nominal miqdoridan oshib ketgan hollarda ziyon miqdorini, shu jumladan, karralash yoʻli bilan aniqlashning alohida tartibi belgilanishi mumkin (Mehnat kodeksining 345-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismlari).