Jinoyat-protsessual kodeksining 187-moddasiga muvofiq ekspert xulosasi surishtiruvchi, tergovchi, sud tomonidan ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar bilan birgalikda uning ilmiy asoslanganligi va ekspertiza oʻtkazish uchun qonunchilikda belgilangan barcha protsessual qoidalar, uslub va tartiblarga rioya etilganligi nuqtai-nazaridan baholanadi. Jumladan, jinoyat obyekti boʻlgan mol-mulkning bozor bahosini aniqlashda ekspert “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni , shuningdek, unga muvofiq ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 28-dekabrda 3487-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi direktorining 2023-yil 25-oktabrdagi 01/11-14/29-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga rioya etishi lozim. Sudlar har bir holda ekspert tomonidan qanday sababga koʻra, bozor bahosini aniqlashning u yoki bu uslubi qoʻllanilmaganligini aniqlashlari va zarur hollarda ekspertni soʻroq qilish yoʻli bilan yuzaga kelgan shubhalarni bartaraf etishlari, shuningdek, qoʻshimcha va qayta sud ekspertizasini tayinlashlari lozim.