Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 3-band. Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasiga muvofiq surishtiruv, dastlabki tergov olib…

Jinoyat-protsessual kodeksining 82-moddasiga muvofiq surishtiruv, dastlabki tergov olib borish chogʻida aniqlanishi lozim boʻlgan holatlardan biri jinoyat natijasida yetkazilgan zarar xususiyati va miqdori hisoblanadi, chunki yetkazilgan zarar turi va miqdorini aniqlash nafaqat uni qoplash masalasini hal etish, balki jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun ham ahamiyatlidir. Jinoyat yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida shaxsga (shu jumladan, jabrlanuvchi deb topilgan shaxsga), korxona, muassasa, tashkilotga mulkiy ziyon yetkazilganligiga oid dalillar mavjud boʻlganda, ular surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning qarori (ajrimi) bilan fuqaroviy daʼvogar deb (JPK 56-moddasi birinchi qismi ) eʼtirof etilishlari lozim. Voyaga yetmaganning, shuningdek, muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning manfaatlarini himoya qilish uchun ularning qonuniy vakili, mulkiy ziyon yetkazilgan shaxs vafot etganda esa, uning merosxoʻri fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etiladi. Shaxsni (shu jumladan, jabrlanuvchini) fuqaroviy daʼvogar deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qaror (ajrim)da surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud unga fuqaroviy daʼvoni taqdim etish huquqi, tartibi va shaklini hamda JPK 57-moddasida nazarda tutilgan boshqa huquqlarini tushuntirishi shart.