Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni (bundan buyon matnda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun deb yuritiladi) 3-moddasining birinchi qismiga muvofiq davlat boji deganda, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy toʻlov tushuniladi. Davlat boji boshqa majburiy toʻlovlar qatorida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etishi tufayli, sudlar maʼmuriy ishlar boʻyicha davlat boji undirishga doir qonun talablariga soʻzsiz rioya etishi shart.