Davlat boji ariza, shikoyat (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi) sudga berilgunga qadar toʻlanadi, agar qonunda boshqacha belgilanmagan boʻlsa (masalan, toʻlovchi davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan yoki sud davlat boji toʻlashni kechiktirgan yoxud boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat bergan boʻlsa). Davlat boji naqd pulsiz shaklda toʻlanganligi fakti bankning toʻlov qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi belgisi boʻlgan toʻlov topshiriqnomasi yoki elektron toʻlov tizimidan olingan maʼlumotlar bilan tasdiqlanishi shart. Davlat boji naqd pul shaklida toʻlanganligi fakti bank tomonidan toʻlovchiga beriladigan belgilangan shakldagi kvitansiya bilan tasdiqlanishi kerak. Agar muayyan sudda koʻrilishi kerak boʻlgan bir nechta arizalar boʻyicha davlat boji bir toʻlov topshiriqnomasi bilan toʻlangan boʻlsa, toʻlov topshiriqnomasi ishlardan biriga ilova qilinadi. Qolgan ishlarga sudya tomonidan toʻlov topshiriqnomasi sanasi va raqami koʻrsatilgan hamda toʻlov topshiriqnomasi qoʻshib qoʻyilgan ishga havola qilingan holda davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi (maʼlumotnoma tuziladi). 5¹. MSIYUtK 131-moddasining uchinchi qismi mazmuniga binoan, sudga taalluqliligiga koʻra fuqarolik ishlari boʻyicha suddan yoki iqtisodiy suddan ariza (shikoyat) yoki ish materiallari kelib tushganda davlat boji kam toʻlanganligi aniqlansa, sudya ariza (shikoyat) sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisida arizachini ajrim orqali xabardor qiladi va unga buning uchun oʻn kundan oshmaydigan muddat beradi. Mazkur koʻrsatma belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, sudya ariza (shikoyat) va unga ilova qilingan hujjatlarni MSIYUtK 134-moddasi birinchi qismining 1¹-bandiga asosan qaytaradi.