Ishni mazmunan koʻrib chiqishda, sud ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlarni, xususan, quyidagilarni sinchkovlik bilan tekshirishi lozim: maʼmuriy organ, mansabdor shaxs qaror qabul qilish yoki harakatni amalga oshirish vakolatiga ega yoki ega emasligini. Qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatga koʻra, qaror qabul qilish yoki qabul qilmaslik, harakatni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik maʼmuriy organ yoki mansabdor shaxs ixtiyoriga berilgan holda, sud bunday qaror qabul qilish yoki qabul qilmaslik, harakatni amalga oshirish yoki amalga oshirmaslik maqsadga muvofiqligini baholashga haqli emas (masalan, muayyan shaxsni mukofotlash toʻgʻrisida hujjat qabul qilmaganlikda ifodalangan harakatsizlik ustidan shikoyat qilinganda); maʼmuriy organ yoki mansabdor shaxs tomonidan qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya etilgan-etilmaganligini, basharti normativ-huquqiy hujjatlarda bunday talablar (shakl, muddatlar, asoslar, tartib-tamoyil va h.k.) belgilangan boʻlsa. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya qilmaslik, faqat, basharti bu holat uning qonuniyligiga taʼsir qilgan holdagina, arizani (shikoyatni) qanoatlantirish uchun asos boʻlishi mumkin; nizolashilayotgan qaror, sodir etilgan harakat (harakatsizlik) mazmuni mazkur huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mos kelish-kelmasligini. Qabul qilingan qarorlar, sodir etilgan harakatlarning (harakatsizlikning) noqonuniyligi haqida dalolat beruvchi yuqorida koʻrsatilgan holatlarning hech boʻlmaganda bittasining mavjudligi arizani (shikoyatni) qanoatlantirishga asos boʻlishi mumkin.