Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtK 276-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq sud qarorining javobgar zimmasiga arizachining huquqlari va erkinliklarini tiklash yoki ularni amalga oshirishdagi toʻsqinliklarni bartaraf etishga oid majburiyat yuklangan qismining ijrosi maʼmuriy organga ijro muddati koʻrsatilgan holda yuboriladigan sudning hal qiluv qarori (qarori) asosida amalga oshiriladi. Pul mablagʻlarini, shu jumladan, sud xarajatlarini undirish haqidagi hal qiluv qarorining majburiy ijrosi yuzasidan ijro varaqasi beriladi. Sudlar hal qiluv qarorining oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi va uning ijrosi toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmaganda, axborot talab qilib olishi lozim. Sud hujjati unda koʻrsatilgan muddatda ijro etilmagan taqdirda, tegishli organ mansabdor shaxsiga birinchi instansiya sudi tomonidan sud jarimasi solinadi va sud hujjatini ijro etish uchun bir oydan oshmaydigan takroriy muddat beriladi. Sud hujjatining takroran ijro etilmasligi dastlabki solingan jarimaning oʻn baravari miqdorida jarima solishga asos boʻladi (MSIYUtKning 122-moddasi ).