Jabrlanuvchi mehnatda mayib boʻlishi sababli qoʻshimcha xarajatlar sarflagan boʻlsa, ular zarar yetkazilishiga javobgar boʻlgan ish beruvchi tomonidan Qoidaning 22—25-bandlarida belgilangan tartib va miqdorda qoplanadi. Agar jabrlanuvchi maxsus transport vositalari (qoʻl bilan boshqariladigan avtomobil, motorli aravacha) ga muhtoj boʻlsa, ularni sotib olish natijasida yetkazilgan zarar TIEK tomonidan koʻrsatilgan transport vositasi qiymati doirasida qoplanadi. Maxsus transport vositalarini kapital taʼmirlash uchun sarflangan xarajatlar ham qoplanadi. Qoidalarning 23-bandiga muvofiq, maxsus tibbiy parvarishga hamda uy sharoitidagi parvarishga muhtoj boʻlgan jabrlanuvchiga, uy sharoitidagi parvarish bilan bogʻliq xarajatlar maxsus tibbiy parvarish xarajatlaridan tashqari qoplanadi. Jabrlanuvchi kim tomonidan parvarish qilinganligi va bu xarajatlar haqiqatda sarflangan-sarflanmaganligidan qatʼi nazar, bunday xarajatlarni qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Kelgusi vaqt uchun qoʻshimcha xarajatlar TIEK xulosasida belgilangan muddat doirasida undiriladi.