Nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga doir ishlarni koʻrishda sudlar JPK 19-moddasiga muvofiq har bir holda ish boʻyicha yopiq sud majlisi oʻtkazilishi zarurligini muhokama etishlari va protsess ishtirokchilari hisoblanmagan oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslar sud majlisi zalida boʻlmasliklari yuzasidan tegishli choralar koʻrishlari shart. Mazkur toifaga doir ishlarning oʻziga xosligini inobatga olgan holda, sudlar ishning barcha holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona tekshirilishi yuzasidan choralar koʻrish bilan birga ishga daxldor boʻlmagan va jabrlanuvchining shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi barcha savollarni bartaraf etishlari, oʻz vaqtida protsess ishtirokchilari oʻrinsiz xatti-harakatlarining oldini olishlari kerak.