Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga doir ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. Sudlar JK 118-moddasi yoki 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkiblarini JK…

Sudlar JK 118-moddasi yoki 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkiblarini JK 128-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibidan farqlashlari, bunda JK 128-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish zoʻrlik yoki tahdid qoʻllamagan holda amalga oshirilayotgan harakatlar xususiyati va mohiyatini anglagan jabrlanuvchining roziligi bilan sodir etilgan holdagina kelib chiqishini eʼtiborga olishlari lozim. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan (kichik yoshdagi bolalar) ojiz ahvoldagi shaxs hisoblanganligi sababli ular bilan tabiiy yoki gʻayritabiiy usulda jinsiy aloqa qilish JK 118-moddasi toʻrtinchi qismi , 119-moddasi toʻrtinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. 7¹. Sudlar JK 118-moddasi yoki 119-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkiblarini JK 121-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibidan farqlashlari lozim. JKning 121-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik xizmat, moddiy yoki boshqa jihatdan aybdorga qaram boʻlgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga majbur qilganda kelib chiqadi. Bunda, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishdagi ruhiy zoʻrlik ishlatishdan farqli ravishda, jabrlanuvchi shaxsni majbur etishda shaxsning bosh tortgani tahdidning darhol amalga oshirilishini taxmin qilmasligini, ayni vaqtda amalda yetkazilgan yoki qoʻrqitishda ifodalanadigan zarar jabrlanuvchi shaxsiga tegishli boʻlmay, balki uning mulkiy va boshqa shaxsiy huquqlariga taalluqli boʻlishini hamda oʻz xususiyatiga koʻra, bu zarar jabrlanuvchi moddiy, xizmat yoki boshqa jihatlardan qaram boʻlgan shaxs tomonidangina yetkazilgan boʻlishi kerakligini eʼtibor qaratish lozim.