Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday koʻrinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi. Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan soʻng topshirish sharti bilan sotishga vaʼda berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati boʻlmagan hollarda uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.