Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi. Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar boʻyicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud boʻlmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.