Jinoyat kodeksi 223-moddasi dispozitsiyasi blanket norma boʻlganligi tufayli, shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish toʻgʻrisidagi qarorda dastlabki tergov organlari shaxs tomonidan chet elga chiqish, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish tartibini belgilovchi aynan qaysi normativ-huquqiy hujjat talabi buzilganligini aniq koʻrsatishlari shart. Sud hukmida ham mazkur jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsning harakatlarida JK ning 223-moddasida nazarda tutilgan belgilardan qaysi biri mavjudligi aniq koʻrsatilishi lozim. Dastlabki tergov organlari va sudlar tomonidan jinoyat-protsessual qonuni talablariga rioya etilmasligi ishning JPK 416 va 417-moddalari talablaridan kelib chiqib hal qilinishiga sabab boʻladi.