davlat chegarasini kesib oʻtish tartibini buzishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini…

Sudlarga tushuntirilsinki, agar jinoyat Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini yorib oʻtish yoʻli bilan sodir etilgan boʻlsa, shaxsning harakatlari JK 223-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda yorib oʻtish deganda, jumladan, qoʻriqlanadigan Davlat chegarasini chegara postiga yoki chegarachilar naryadiga hujum qilish, chegara qoʻshinlarining qonuniy faoliyatiga boshqacha faol qarshilik koʻrsatish (masalan, Davlat chegarasi rejimi talablariga ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik, oʻzining xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur qilish), Davlat chegarasini qoʻriqlashga doir texnik vositalarni nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish va h.k. yoʻli bilan kesib oʻtishda ifodalangan harakatlar tushunilishi lozim. Agar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini yorib oʻtish paytida aybdor tomonidan Davlat chegarasini qoʻriqlovchi shaxs badaniga qasddan ogʻir shikast yetkazilgan yoki u qasddan oʻldirilgan boʻlsa, qilmish JK ning 223-moddasi va tegishlicha JK ning 104 , 97-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday holatlarda qasddan badanga yengil yoki oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati, shuningdek mulkiy ziyon yetkazilishi JK ning 223-moddasi ikkinchi qismi dispozitsiyasi bilan qamrab olinadi va tegishlicha JK ning 105, 109 va 173-moddalari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.