Sudlar shartnoma tuzish, uni oʻzgartirish va bekor qilish bilan bogʻliq nizolarni hal etishda Qonunning 10 — 15-moddalari , Fuqarolik kodeksining 364—385-moddalariga muvofiq, shartnoma tuzish haqidagi tarafning taklifi (oferta)ga javob toʻliq va pisandasiz boʻlgandagina aksept hisoblanishiga eʼtibor berishlari kerak. Agarda ikkinchi taraf ofertani baʼzi bir eʼtirozlar bilan yoki qisman qabul qilsa, u holda bu aksept boʻlmaydi va qarshi taklif bildirilgan deb hisoblanadi. Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda uni olgan shaxsning koʻrsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni joʻnatishi, xizmat koʻrsatishi, ishlarni bajarishi, muayyan summani toʻlashi va hokazolar), agarda qonun va ofertada boshqacha tartib koʻrsatilmagan boʻlsa, aksept hisoblanadi. Agar shartnoma tuzish haqidagi taklifni olgan shaxs belgilangan muddat davomida shartnomada nazarda tutilgan shartlarni qisman bajargan (tovarlarni qisman joʻnatgan, pul summasini qisman toʻlagan) boʻlsa, uning harakati aksept deb baholanadi. Bunday holatlarda sudlar taraflar oʻrtasida shartnomaning barcha muhim shartlari boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlsa, xoʻjalik shartnomasini tuzilgan deb hisoblab, unga tegishli baho berishlari lozim.