Oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Sudlanganlarning harakatini Jinoyat kodeksi 103-moddasining tegishli qismlari boʻyicha…

Sudlanganlarning harakatini Jinoyat kodeksi 103-moddasining tegishli qismlari boʻyicha toʻgʻri tavsiflash zarurligi sudlarga uqtirilsin, chunki ushbu moddaning 2-qismi jabrlanuvchining moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaramligining mavjudligini talab qiladi, bu esa ushbu shaxslar oʻrtasida haqiqatan roʻy bergan va mavjud boʻlgan munosabatlarga baho bergan holda aniqlanishi lozim. Moddiy qaramlik deganda jabrlanuvchining aybdordan qonun bilan belgilangan moddiy yordam (pul, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va hokazolar) olib kelganligini yoki uning bevosita qaramogʻida boʻlganligi holatlari tushunilishi lozim. Boshqacha qaramlik deganda, xizmat yoki boshqacha qaramlikni (masalan, boshliqqa, oʻqituvchiga, rahbarga, qarindoshlarga, vasiylik va tarbiyalashni amalga oshirish va boshqalar bilan bogʻliq qaramlikni) tushunish zarur. 4¹. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qoʻrqitish, rahmsiz munosabatda boʻlish yoki shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish yoʻli bilan sodir etiladigan oʻzini oʻzi oʻldirish yoki oʻzini oʻzi oʻldirishga suiqasd qilishdan farqli ravishda oʻzini oʻzi oʻldirishga undashda (JK 103-1-moddasi ) aybdor koʻndirish, aldash yoki insonning erkini sindiruvchi boshqa yoʻl bilan (masalan, tushkunlikka soluvchi gʻoyaviy tashviqot orqali) qasddan boshqa shaxsda oʻzini oʻzi oʻldirishga nisbatan qatʼiyatni qoʻzgʻatadi.