Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Qasddan odam oʻldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “d” bandi boʻyicha…

Qasddan odam oʻldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “d” bandi boʻyicha, yaʼni boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli usulda sodir etilgan, deb kvalifikatsiya qilish uchun, aybdor muayyan shaxsga nisbatan oʻldirish qasdini amalga oshirish chogʻida boshqa shaxslar hayotiga ham chinakam xavf tugʻdiruvchi usul qoʻllayotganligini (masalan, odamlar gavjum joylarda oʻq otish, portlatish, oʻt qoʻyish, jabrlanuvchidan oʻzga odamlar ham foydalanadigan suvni va ovqatni zaharlash, gaz vositasida boʻgʻish va h.k.) anglab yetganligi aniqlangan boʻlishi lozim. Usulning chinakam xavfliligi, har bir muayyan vaziyatda ishning barcha holatlaridan, chunonchi, aybdor ishlatgan jinoyat qurolining shikast yetkazish xususiyati, voqea joyida jabrlanuvchidan tashqari oʻzga shaxslar ham boʻlganligi va shu kabilardan kelib chiqqan holda aniqlanishi zarur. Agar aybdorning mazkur harakatlari oqibatida oʻzga shaxslar badaniga shikast yetkazilgan boʻlsa, qilmish, Jinoyat kodeksining qasddan badanga shikast yetkazish uchun javobgarlik nazarda tutilgan moddalari bilan ham kvalifikatsiya qilinishi kerak.