Qasddan odam oʻldirish uchun jazo tayinlashda ushbu jinoyat sodir etilishidagi barcha holatlar: qasd turi, qotillik sabablari, maqsadi, usuli, jinoyat sodir etilgan vaziyat va jinoyat bosqichi, shuningdek, aybdorning shaxsi, uning oʻz qilmishiga munosabati, jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi holatlar eʼtiborga olinishi zarur. Ayni paytda jabrlanuvchining shaxsiga oid maʼlumotlar, uning sudlanuvchi bilan oʻzaro munosabatlari, shuningdek, qotillik sodir etilmasdan oldingi xulq-atvori oʻrganilishi lozim. Ayblanuvchining (sudlanuvchining) ruhiy jihatdan sogʻlomligiga shubha tugʻilgan taqdirda, ambulatoriya yoki statsionar sharoitida sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkazilishi kerak.