Aybdorning harakatlarini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, ojiz ahvol, deb jabrlanuvchining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy jihatdan (jismoniy nuqsonlari, ruhiyati buzilganligi, juda yosh yoki keksaligi, qattiq ogʻriq yoki behush holatda yoxud uyquda boʻlganligi, alkogol, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga taʼsir qiluvchi boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida ogʻir darajada mastligi tufayli) oʻzini himoya qilishga, aybdorga faol qarshilik koʻrsatishga qodir emaslik yoki oʻziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini tushuna olmaslik yoxud oʻz harakatlarini boshqara olmaslik holati tushunilishi kerak. Bunda aybdor jabrlanuvchi ojiz ahvolda ekanligini anglagan boʻlishi shart. Jabrlanuvchining alkogolli ichimlik, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda taʼsirida atrofdagi vaziyatni anglay olmaydigan darajada mastligi, uning ojiz ahvolda boʻlgan, deb tan olinishiga asos boʻlishi mumkin. Bunda jabrlanuvchini kim bu ahvolga solganligi ahamiyatga ega emas.