Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 2-band. Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyuldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi…

Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-iyuldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq: oʻqotar qurol deganda, porox yoki boshqa modda quvvati hisobiga yoʻnaltirilgan holda harakatga keluvchi aslaha bilan nishonni masofadan turib mexanik urish uchun moʻljallangan qurol tushunilmogʻi lozim; oʻqotar qurolning asosiy qismlari deganda, stvol, zatvor, oʻqdon (baraban), ramka, stvol qutisi tushunilmogʻi lozim; oʻq-dorilar deganda, qurolning jonli nishonni yoki boshqa nishonni urish uchun moʻljallangan hamda tarkibida portlovchi, poroxli, uloqtiruvchi, pirotexnik yoki urib chiqaradigan moddalar yoxud ularning birikmasi mavjud boʻlgan qurol-yarogʻ ashyolari va uloqtiriladigan aslahasi tushunilmogʻi lozim; portlovchi moddalar deganda, porox, dinamit, trotil, nitroglitserin va kislorodli havo yetishmagan vaziyatda portlash xususiyatiga ega boʻlgan kimyoviy moddalar va aralashmalar tushunilmogʻi lozim; portlatish qurilmalari deganda, portlovchi moddalar bilan toʻldirilgan va portlashni amalga oshirish uchun moʻljallangan yigʻilgan holdagi qurilmalar tushunilmogʻi lozim. Qurol muomalasi — qurolni va uning oʻq-dorilarini, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish, olish, hisobga olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, koʻrgazmaga qoʻyish, ulardan foydalanish, ularni olib qoʻyish, yoʻq qilish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit qilish tushunilmogʻi lozim; Pnevmatik miltiqlar, signal, start, gaz pistoletlari yoki gazli ballonchalari, raketnitsalar va boshqa imitatsiya-pirotexnik hamda yoritgich vositalari oʻqotar qurol jumlasiga kirmaydi.