Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 16-band. Ish apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining ish yurituvida boʻlgan…

Ish apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining ish yurituvida boʻlgan vaqtda yangi ochilgan holat boʻyicha ishni qayta koʻrib chiqish haqida ariza kelib tushsa, bu sud shikoyatni koʻrib chiqishni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish natijalari olingunga qadar toʻxtatib turadi va ishni sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish haqidagi ariza kelib tushgan tegishli instansiya sudiga yuboradi. Agar sud hujjati yangi ochilgan holat boʻyicha bekor qilinsa, yuqori instansiya sudi shikoyat boʻyicha ish yuritishni IPK 273-moddasi birinchi qismining 1-bandi , 296-moddasi birinchi qismining 1-bandi , 324²-moddasi birinchi qismining 2-bandiga mos holda tugatadi. 16¹. Sud hujjatining yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrim bekor qilingan taqdirda, yuqori turuvchi sud bir vaqtning oʻzida arizada yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish soʻralgan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini ham bekor qiladi va ishni sud hujjati bekor qilingan tegishli sudga mazmunan koʻrish uchun yuboradi. 16². Agar yuqori instansiya sudi sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi ajrim ustidan berilgan shikoyat (protest)ni koʻrishda ushbu ajrimni asossiz ekanligi haqida xulosaga kelsa, uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va shu bilan birga sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etadi. Agar sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish haqidagi ajrim ustidan berilgan shikoyat (protest) koʻrilgunga qadar ish boʻyicha yangi sud hujjati qabul qilingan boʻlsa, yangi sud hujjatiga nisbatan shikoyat (protest) berilgan yoki berilmaganligidan qatʼiy nazar ushbu sud hujjati bekor qilingan ajrim asosida qabul qilinganligi sababli u ham bekor qilinadi.