Yangi ochilgan holatlar deganda, ochilgan faktik holatlar aslida mavjud boʻlib, biroq sudning ishni koʻrish vaqtida hisobga olishi mumkin boʻlmagan, arizachiga va sudga nomaʼlum boʻlgan yoki maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan, sud hujjatlari qabul qilingandan keyingina maʼlum boʻlgan holatlarni tushunish lozim. Agar faktik holatlar sud hujjati qabul qilingandan soʻng vujudga kelgan boʻlsa, bu holat sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish uchun asos boʻla olmaydi, chunki bu IPK 327-moddasining 1-bandi mazmuniga zid boʻladi. Yangi ochilgan holatlar mavjud boʻlmasdan, sud hujjatini apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqish asoslari mavjud boʻlgan taqdirda sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish haqida berilgan arizani qanoatlantirish mumkin emas. Bunda iqtisodiy sud koʻrsatib oʻtilgan holatlar mavjud emasligiga asoslanib, sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirishni rad etishi lozim. Sud hujjati qabul qilingandan keyin vujudga kelgan yangi holatlar ishni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrib chiqish uchun emas, balki yangi daʼvo bilan murojaat etish uchun asos boʻlishi mumkin.