Iqtisodiy sudlari shuni eʼtiborga olishlari lozimki, sud hujjatini qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻlayotgan holatlar jiddiy boʻlishi, yaʼni sud hujjatini qabul qilishda iqtisodiy sud xulosasiga taʼsir koʻrsatadigan darajada boʻlishi lozim. Bu holat iqtisodiy sudi tomonidan avvalda tekshirish predmeti boʻlgan faktga nisbatan yangi dalillar emas, balki aynan yuridik faktlarning oʻzi boʻlishi lozim. Sud tomonidan ishni koʻrib chiqishda tekshirish predmeti boʻlmagan hamda mavjudligi arizachiga maʼlum boʻlmagan va maʼlum boʻlishi mumkin boʻlmagan yuridik faktni belgilovchi yangi dalillar yangi ochilgan holatlar deb eʼtirof etilishi mumkin. Agar ishni yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish davomida sud keltirilgan dalillar arizachiga maʼlum boʻlgan yoki maʼlum boʻlishi lozim boʻlganligini aniqlasa, yangi ochilgan holatlar boʻyicha keltirilgan arizani qanoatlantirish rad etilishi lozim, chunki IPKning 68-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak (tortishuv prinsipi).