Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga yotqizish toʻgʻrisidagi yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ishlar mazkur shaxs dispanser hisobida turgan yoxud davolanayotgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining vakili — tibbiy komissiyasi aʼzosi, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning vakili, shuningdek prokuror ishtirokida uch kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, ishi sudda koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar uning sogʻligʻi holati imkon bersa, sud majlisiga chaqirilishi mumkin. FPK 322-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, sud majlisiga muassasa vakilining — tibbiy komissiya aʼzosining, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxs vakilining uzrsiz sababga koʻra kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga monelik qilmaydi, biroq sud ularning kelishini shart deb topishi mumkin.