Sudlar Qonunning 34-moddasi birinchi qismi 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ijro ishi yuritilishining toʻxtatilishi davlat ijrochisining murojaati asosida, Qonunning 35-moddasi birinchi qismi 1 , 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan hollarda esa, sud tomonidan ijroni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro qilish toʻgʻrisidagi arizani yoxud davlat ijrochisining harakatlari ustidan berilgan shikoyatni yoki baholash natijalaridan norozilik haqidagi arizani ish yurituvga qabul qilish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshirilishini, ajrimda ijro ishi yuritilishi toʻxtatilishi haqida koʻrsatilishini eʼtiborga olishlari zarur. Qonunning 34 va 35-moddalarida koʻrsatilgan, ijro ishi yuritishni sud qaysi vaziyatda toʻxtatishi shart va haqli boʻlgan holatlar roʻyxati tugal hisoblanadi. Shu bilan birga, “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 79-moddasiga koʻra, ijro hujjati ijrosini toʻxtatish uchun iqtisodiy sudning qarzdorga nisbatan arizani ish yuritishga qabul qilish va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ajrimi ham asos hisoblanishi eʼtiborga olinishi lozim.