Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 14-band. Shuni nazarda tutish lozimki, ijro ishini yuritish quyidagi holatlarda sud hujjatiga…

Shuni nazarda tutish lozimki, ijro ishini yuritish quyidagi holatlarda sud hujjatiga asosan davlat ijrochisi tomonidan tugatiladi: undiruvchi undiruvdan voz kechganda, agar voz kechish sud tomonidan qabul qilingan boʻlsa; undiruvchi va qarzdor oʻrtasida sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi tuzilganda; undiruvchi va qarzdor oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilganda; jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa jazo turiga almashtirish yoxud jarima tariqasidagi jinoiy jazodan amnistiya aktiga asosan ozod qilish toʻgʻrisida sud tomonidan ajrim chiqarilganda; ijro hujjatini berishga asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud qonunga muvofiq ijro hujjati hisoblangan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda. Ijro ishini yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan tugatiladi: undiruvchi yoki qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda, bedarak yoʻqolgan deb topilganda, agar sud hujjati yoxud boshqa organ hujjatida belgilangan talablar yoki majburiyatlar huquqiy vorisga yoki bedarak yoʻqolgan shaxs mol-mulkining ishonchli boshqaruvchisiga oʻtishi mumkin boʻlmasa; — muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatini ijro etish imkoniyati yoʻqolgan boʻlsa.